Videokonferensiyalar kundalik me’yorga aylanib ulgurgan dunyoda janubiy koreyalik munitsipal xizmatchi Nam Yon Sik “ish joyi” tushunchasini qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi. U Zoom yig‘ilishiga tizzasida MacBook, orqasida esa kartondan yasalgan yashil fon bilan “Amerika tepaliklari” attraksionida o‘tirgan holda qo‘shildi.
YouTube’ga yuklangan videorolik virus kabi tarqalib ketdi. Unda Nam balandlik o‘zgarishlari va soatiga 100 km dan yuqori tezlikda uchib borar ekan, hamkasblari uning sochlarini shamol to‘zg‘itayotganini va yorug‘lik o‘zgarib turganini kuzatib turgan bir paytda, o‘zini xotirjam tutishga harakat qiladi. Boshlig‘ining ventilyator haqidagi savoliga u: “Shunchaki deraza ochiq, shamol bo‘lyapti”, deb javob beradi. Ekrani esa eng baland nuqtadan pastga sho‘ng‘ish paytida qotib qolganda, u “Bexosdan noutbukni tushirib yubordim”, deydi.
Rolik XX asr oxiridagi kit ovlash qishlog‘i uslubida qurilgan yangi attraksionlar bog‘i — Koreyaning Chansenpo shahridagi Whale Culture Village‘ning virusli reklamasi bo‘lib chiqdi. Shu bilan birga, u jiddiy bir savolni ham o‘rtaga tashlaydi: zamonaviy gadjetlar va videoaloqa ekstremal tezlanish hamda tebranishlarga qanday bardosh beradi?
Aytgancha, video nafaqat marketologlarning kreativligini, balki nostandart sharoitlardagi ishlashning texnik jihatlarini ham ko‘rsatib beradi. Birinchidan, MacBook 4g gacha bo‘lgan keskin tezlanishlarda (attraksionlar uchun xos holat) quvvat va aloqani saqlagan holda ishladi. O‘rnatilgan akselerometr, SSD diskning zarbadan himoyasi va mustahkam korpus qurilmaga bunday yuklamaga bardosh berish imkonini berdi. Ikkinchidan, Zoom shunday yuqori tezlikda ham aloqani ushlab turdiki, bunda odatda tayanch stansiyalar o‘rtasida tez harakatlanish tufayli mobil aloqa signali uzilishi mumkin edi. Katta ehtimol bilan, uzatishga yuqori chidamli 5G mobil ulanish nuqtasidan foydalanilgan.

Ulsan shahri ma’muriyati attraksionlar bog‘ini targ‘ib qilish uchun barchaga tanish ofis holatidan – Zoom’dan foydalandi. Rolik millionlab marotaba ko‘rilib, raqamli madaniyat va oflayn ko‘ngilochar mashg‘ulotlarni hazil hamda texnologik absurdlik orqali uyg‘unlashtirish mumkinligiga yaqqol misol bo‘ldi.
Foydalanuvchilar hazillashib, keyingi video hit parashyutdan sakrash yoki syorfing paytidagi yig‘ilish bo‘lishi mumkin, faqat bunda noutbukni qanday mahkamlashni hali o‘ylab topishgani yo‘q, deyishmoqda.
Izohlar