Davlat mehnat inspeksiyasi O‘zbekistondagi barcha hokimliklarga anomal issiq havoda ishlayotganlarga xavfsiz sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatma yubordi. Bu haqda inspeksiya 19-iyul kuni Telegramdagi kanalida xabar berdi.
Qayd etilishicha, ochiq havoda mehnat qiladigan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish zarur. Ko‘rsatma xatida aniq talablar belgilangan. Jumladan, soat 10:00 dan 17:00 gacha bo‘lgan vaqtda yuqori harorat kuzatilishi eslatilgan. Buning taʼsirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash so‘ralgan.
O‘z navbatida xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash, quyosh nurlari va yuqori harorat taʼsiridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish talabi qo‘yilgan.
Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik, shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash va mehnat hamda dam olish rejimini qayta ko‘rib chiqish so‘ralgan.
Inspeksiya yuqori harorat taʼsirida sog‘lig‘i yomonlashgan xodimga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish muhimligiga ham urg‘u bergan.
“Ko‘rsatma talablarining bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq inspeksiya anomal issiqda ishlayotgan xodimlar uchun xavfsiz sharoit yaratish bo‘yicha barcha ish beruvchilarga ogohlantirish xati yuborgandi.
Izohlar