Sport

Merosxo‘r Yamal va Kabo-Verde mo‘jizasi: JCH-2026 finaliga oid ajoyib faktlar

Futbol olami so‘nggi yillarning eng intiqib kutilgan va tarixiy voqeasi arafasida turibdi. JCH-2026 hal qiluvchi finalida futbol afsonalaridan biri Lionel Messi va uning izdoshi deya e’tirof etilayotgan yosh iqtidor egasi Lamin Yamal o‘zaro to‘qnash keladi. Bu shunchaki ikki qit’a gegemonlarining jangi emas, balki ko‘plab rekordlar, aql bovar qilmas tasodiflar va avlodlar to‘qnashuvini o‘zida jamlagan super finaldir. E’tiboringizga ushbu qarama-qarshilik oldidan e’lon qilingan eng qiziqarli 9 ta faktni havola etamiz:

1. Noyob rekord ostonasidagi Yamal Ispaniyalik iqtidor egasi yaqindagina 19 yoshni qarshiladi. Agar bugun Ispaniya Argentina ustidan g‘alaba qozonsa, Yamal ham mundialda, ham Yevropa chempionatida zafar quchgan tarixdagi eng yosh futbolchiga aylanadi.

2. Messi va Yamal qarama-qarshiligi Lionel Messi va Lamin Yamal shu paytga qadar futbol maydonida umuman to‘qnash kelmagan. Ularning ilk jangi to‘g‘ridan to‘g‘ri mundial finaliga to‘g‘ri kelmoqda! Bu juftlikka bo‘lgan o‘zgacha e’tibor faqatgina ularning o‘z jamoalari yetakchisi ekanligi yoki “Oltin to‘p”ga asosiy da’vogarligi bilan bog‘liq emas. Ma’lumki, yosh Messi 2008-yilgi xayriya kalendari uchun chaqaloq Yamalni cho‘miltirayotgan holatda suratga tushgan edi. Oradan 16 yil o‘tib, ushbu surat chinakam tarixga aylandi. Hozirda esa ko‘pchilik Yamalni aynan Messining merosxo‘ri deb atamoqda.

Foto: FIFA

3. Ispaniyaning mag‘lubiyatsiz seriyasi va Argentinaning tarixiy imkoniyati

Ispaniya terma jamoasi joriy asrdagi finallarda biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan. “Qizil furiya” XXI asrda uch marta Yevropa chempioni bo‘ldi (2008, 2012, 2024), 2010-yilda esa JCH hal qiluvchi bahsida Niderlandiyani taslim etgandi. O‘z navbatida, so‘nggi to‘rtta mundialning uchtasida finalga chiqqan Argentina bu an’anani buzishga shay. Agar Nyu-Yorkdagi bahs Argentina foydasiga hal bo‘lsa, jamoa ketma-ket ikkita Jahon chempionatini yutgan tarixda uchinchi terma jamoaga aylanadi (bungacha faqat Italiya va Braziliya bunga erishgan).

4. “Real Madrid” uchun dahshatli tush

Ushbu final Madridning “Real” klubi muxlislari uchun xuddi dahshatli tush kabidir. Birinchidan, Ispaniya JCH-2026 ga “qaymoqranglilar”ning birorta ham futbolchisisiz tashrif buyurgan bo‘lsa (Shuni ham ta’kidlash kerakki, hozirda Ispaniya terma jamoasi himoyachisi Mark Kukurelya “qirollik klubi” a’zosi hisoblanadi, ammo futbolchi madridliklar bilan aynan JCH boshlangandan keyin shartnoma imzoladi), bugun Yamal boshchiligidagi “Barselona”ning 8 nafar vakili jahon chempioniga aylanishi mumkin.

5. Yagona rasmiy to‘qnashuv Jamoalar rasmiy uchrashuvlarda atigi bir marta kuch sinashgan. JCH-1966 guruh bosqichida ispanlar “oq-moviylar”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan.

6. Murabbiylar dueli

Finalda nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar — Luis de la Fuente va Lionel Skaloni o‘rtasidagi qiziqarli taktik to‘qnashuvga ham guvoh bo‘lamiz. Ispanlar ustozi ham Jahon, ham Yevropa chempionatida zafar quchgan uchinchi murabbiyga aylanishi mumkin (bungacha Xelmut Shyon va Visente del Boske bunga erishgan). Skaloni ham ajoyib natija ostonasida turibdi: shu paytgacha faqatgina italiyalik Vittorio Pozzo (1930-yillarda) terma jamoasi bilan ikki marta mundial g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

7. To‘purarlar poygasi Turnirning eng yaxshi to‘purari kim bo‘ladi? Hozircha Messining hisobida 8 ta gol va 4 ta assist mavjud. Bronza medallari uchun o‘tgan Angliyaga qarshi bahsda qatnashgan fransiyalik Kilian Mbappening hisobida esa 10 ta gol va 4 ta golli uzatma bor. Shunday qilib, hozircha Mbappe yetakchi, ammo Messi finalda maydonga tushishini hisobga olsak, bu kurash hali davom etadi.

8. Kabo-Verde mo‘jizasi Qiziq tomoni shundaki, na Ispaniya va na Argentina turnirning asosiy sensatsiyasi bo‘lgan Kabo-Verde terma jamoasini asosiy vaqtda yenga olgan. Afrikaliklar birinchi turda ispanlarga munosib qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa (40 yoshli darvozabon Vozinyaning super o‘yini tufayli 0:0), 1/16 finalda argentinaliklar bilan haqiqiy jang olib borgan (3:2).

9. Reyting yetakchilari to‘qnashuvi Jahon chempionatlari finallari tarixida hech qachon FIFA reytingining mutlaq peshqadamlari o‘zaro to‘qnash kelmagan edi. Ayni paytda ushbu ro‘yxatda Argentina terma jamoasi birinchi, ispanlar esa ikkinchi o‘rinni band etib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi JCH-2026 final uchrashuvi bugun, 19-iyuldan 20-iyulga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da AQSHning Nyu-York shahridagi “Metlayf” stadionida start oladi.

Manba: Daryo

MUHOKAMA

Izohlar