O‘zbekiston

Qashqadaryoda 201 kg kannabis, Toshkentda qariyb 2 kg gashish musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Qashqadaryo hamda Toshkent viloyatlarida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro yashash uyi hovlisidagi 5,3 sotix yer maydonida issiqxona tashkil qilib, sotish maqsadida 714 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelgani aniqlangan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan kannabis o‘simliklarining sof og‘irligi 201 kilogrammni tashkil etgan.

Yana bir holatda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1966-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro Yunusobod tumanida DXX va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilgan. Uning qo‘lidagi sellofan paketdan 1 kilogramm 994 gramm gashish moddasi topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

DXX ma’lumotiga ko‘ra, mazkur shaxs qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan giyohvandlik vositasini Toshkent shahrida sotishni rejalashtirgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.


Telegram video posti

26-iyun kuni Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida noqonuniy muomaladan olingan jami 2 tonna 963 kilogramm giyohvandlik vositalari yoqish yo‘li bilan yo‘q qilingandi.

2026-yilning birinchi yarim yilligida umumiy hisobda 2 tonna 304 kilogramm giyohvandlik vositalari, jumladan, qariyb 1,6 tonna gashish hamda 300 ming donadan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilingan.

Manba: Telegram

MUHOKAMA

Izohlar