Qashqadaryo viloyatida kuzatilayotgan anomal issiq tufayli og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati 42–44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori darajaga ko‘tarilmoqda.
Bunday sharoitda asfalt-beton qoplamasi harorati 70–75 darajagacha yetib, yo‘llarning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi. Natijada og‘ir yuk avtomobillari harakati ta’sirida yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiyalar va boshqa texnik nuqsonlar yuzaga kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan hamda ta’mirlangan avtomobil yo‘llarini saqlash maqsadida Qarshi shahri, tuman markazlari va ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.
Mas’ullar haydovchilar hamda yuk tashuvchi korxona va tashkilotlardan mazkur cheklovlarga qat’iy rioya qilish, yuk tashish vaqtlarini belgilangan tartib asosida rejalashtirishni so‘radi.
Viloyat hokimligiga ko‘ra, ushbu choralar yo‘l infratuzilmasini asrash, harakat xavfsizligini ta’minlash va avtomobil yo‘llarining xizmat muddatini uzaytirishga qaratilgan.
Bundan avval Surxondaryoda jazirama sabab og‘ir yuk avtomobillari harakati vaqtincha cheklangandi. Viloyatda ham og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklangan.
Izohlar