Rossiyada yoz fasli boshlanganidan beri harbiy xizmatga majbur bo‘lgan ayollar harbiy komissariatlarga chaqirilmoqda. Ayrim ayollarga qonun bo‘yicha taqiqlangan bo‘lsa-da, harbiy yig‘inlarda qatnashish haqida chaqiruv qog‘ozlari kelgan. Bu haqda “Mediazona” nashriga tayanib “Meduza” xabar berdi.
Jurnalistlar oxirgi haftalarda harbiy komissariatlar bilan aloqada bo‘lgan uch nafar ayol bilan suhbatlashdi. Jumladan, Oksana ismli homilador ayol iyul oyi boshida elektron reyestr orqali chaqiruv qog‘ozi olgan. Unda chaqiruv sababi harbiy yig‘inlarda qatnashish deb ko‘rsatilgan. Oksana harbiy kafedrada aloqa yo‘nalishi bo‘yicha o‘qigan, ammo ilgari hech qachon chaqirilmagandi. Harbiy komissariat unga chaqiruvni sun’iy intellekt yuborgani va u jinsni ajratolmasligini bildirgan, ammo undan baribir kelish so‘ralgan. Ertasi kuni bu chaqiruv reyestrdan o‘chib ketgan. “Mediazona” suhbatlashgan boshqa ayollarga esa chaqiruv qog‘ozlari “ma’lumotlarni aniqlashtirish maqsadida” kelgan. Hozircha bu uchta holat bo‘yicha biror chora ko‘rilmagan. Rossiya Mudofaa vazirligi 2022-yil kuzidagi safarbarlik paytida ayollarni armiyaga chaqirish rejalashtirilmaganini aytgan edi. O‘shandagi chaqiruvlar ham “texnik xatolar” deb tushuntirilgan. Ayollarni shartnoma bo‘yicha xizmatga jalb qilish boshlandi Shunga qaramay, 2026-yilda ayollarni shartnoma asosida xizmatga jalb qilish kampaniyasi boshlandi. Krasnoyarskdagi kollej talabalari bo‘lgan qizlarni dronlar bo‘linmalariga qo‘shilishga targ‘ib qilishgan. Tomsk viloyatida esa ayollarni Rossiya qurolli kuchlariga ochiqchasiga taklif qilishgan. Ularga faqatgina shartnoma tuzish paytida homilador bo‘lmaslik sharti qo‘yilgan. Bunday e’lonlar tuman ma’muriyatlarining ijtimoiy tarmoqlarida tarqatilgan. Iyun oyi boshida Perm shahrida ham ayollarni harbiy xizmatga jalb qilish ishlari boshlangan. Ekspert fikri: harbiy komissariatlarning maqsadi nima? “Chaqiriq maktabi” huquqni muhofaza qilish tashkiloti yuridik bo‘limi rahbari Timofey Vaskinning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatning ikkita sababi bor: 1. Avvalo, urush sharoitida davlat barcha safarbarlik resurslarining to‘liq hisobini ta’minlashi muhimdir. 2. Shartnoma tuzishga undash: hozirda armiyani to‘ldirishning asosiy yo‘li shartnoma hisoblanadi. Harbiy komissariatga kelgan ayollarga shartnoma imzolash bo‘yicha bosim o‘tkazilishi mumkin.“Urushdan oldin harbiy hisobga jiddiy qaralmas edi, chunki hech kim urushishni rejalashtirmagan. Hozir vaziyat o‘zgardi. Harbiy komissariatlar barcha ma’lumotlar aniq bo‘lishini ta’minlashi kerak. Shu sababli ayollarni ham ommaviy chaqirishmoqda”, deydi ekspert.Vaskinning aytishicha, agar ayol kishi harbiy komissariatga borsa, undan faqat ma’lumotlarini aniqlashtirishni so‘rashadi va shartnoma tuzishni taklif qilishadi. Uni harbiy yig‘inlarga yuborishmaydi. Biroq safarbarlik e’lon qilinsa, ayollarning ham armiyaga olinish xavfi yo‘q emas. Timofey Vaskin ayollarga vahima qilmaslikni va xotirjam harakat qilishni maslahat berdi. Harbiy komissariatga borishdan oldin mutaxassislar bilan maslahatlashish va u yerda ortiqcha narsalarga qo‘l qo‘ymaslik kerak. Chaqiruv qog‘ozi bo‘yicha bormaslik jarima va cheklovlarga sabab bo‘lishi mumkin. Borish yoki bormaslik kelgusida safarbarlikka tushish ehtimoliga ta’sir qilmaydi, chunki tizim elektron shaklda ishlaydi va odamni baribir topadi. Agar yig‘inlar uchun chaqiruv kelgan bo‘lsa, uni harbiy komissariat yoki harbiy prokuraturaga shikoyat qilish orqali masofadan turib bekor qilishga urinib ko‘rish mumkin. Ammo bu vaqtinchalik chora bo‘lishi mumkin. Harbiy komissariat baribir o‘z maqsadiga erishish uchun keyinroq ma’lumotlarni aniqlashtirish to‘g‘risida yangi chaqiruv yuboradi.
Ayni paytda Rossiya armiyasi 19-iyulga o‘tar kechasi Kiyevga raketalar bilan ommaviy hujum uyushtirdi. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 13 kishi jarohatlandi. Havo trevogasi vaqtida Ukraina poytaxtida ko‘plab portlash ovozlari eshitilgan. Shaharning beshta hududida — Dnepr, Desnyan, Solomensk, Shevchenko va Svyatoshin tumanlarida yong‘inlar qayd etilgan.
Izohlar