Manba: Al Jazeera
Tailandda 11 yoshli bola ota-onasining pikap rusumli mashinasini olib qochib, buddistlar marosimi ishtirokchilarini urib ketdi. Hodisa oqibatida sakkiz nafar rohib halok bo‘ldi, yana o‘nlab odam jarohatlandi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Mahalliy politsiyaning ma’lum qilishicha, voqea 2-iyul kuni Tailand shimoli-sharqidagi Mukdahan provinsiyasida sodir bo‘lgan. Bola ota-onasining mashinasini ruxsatsiz haydab ketgan. So‘ng yo‘l chetidan ketayotgan 30 ga yaqin rohibdan iborat guruh ustiga bostirib haydagan.
Politsiya va shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, hodisada yana 10 nafardan 20 nafargacha odam jarohat olgan. Rohiblar va ularga hamrohlik qilayotgan dindorlar poytaxt Bangkokdan 600 kilometr uzoqlikdagi yo‘l chetidan ketayotgan bo‘lgan. Associated Press nashrining yozishicha, guruh Ubon Ratchathani provinsiyasigacha bo‘lgan 260 kilometrlik piyoda yurishni boshlaganiga bor-yo‘g‘i 30 daqiqa bo‘lgan edi. Mahalliy qutqaruv guruhi ulashgan videokameralar tasvirida rohiblarning yo‘l chetida bir qator bo‘lib ketayotgani va mashinasi ularni urib yuborgani aks etgan.“Men bolakay boshqarib kelayotgan pikap yaqinlashayotganini ko‘rdim. O‘sha paytda men ibodat mantrasini aytayotgan edim. To‘satdan mashinasi katta tezlikda kelib, bizni urib ketdi. Baxtimizga, men va yana bir rohib o‘zimizni chetga olishga ulgurdik. Qatordagi birinchi to‘qqiz nafar rohib omon qoldi. Ammo zarbaga uchragan boshqa rohiblar havoga uchib ketdi”, deydi Pra Sompong ismli rohib.Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, besh nafar rohib voqea joyida halok bo‘lgan. Yana uch nafari esa shifoxonada vafot etgan. Yaqindagi binoning videokamerasiga tushib qolgan tasvirlarda rohiblar yo‘ldan ketayotgani, yonlaridan bir nechta mashina o‘tgani va kuchli zarba ovozi eshitilib, yurish to‘xtagani ko‘rinadi. Sog‘liqni saqlash idoralari Mukdahan shifoxonasida to‘rt nafar rohib og‘ir ahvolda qolayotganini bildirdi. Yana 10 nafar rohib jiddiy jarohat olgan, qolganlariga esa yengil jarohatlar tufayli tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Politsiya bolakay ota-onasining mashinasini so‘ramasdan haydagani va boshqaruvni yo‘qotib, rohiblarni urib yuborganini tasdiqladi. Bola hozirda hibsda saqlanmoqda. Davlat bolalarni himoya qilish organlari xodimlari kelgach, u so‘roq qilinadi.
“Gumonlanuvchi yosh bola hisoblanadi. Hodisa sababini aniqlash uchun mashina ekspertizaga olib ketildi. Shuningdek, bolaning parvarishi uchun kim mas’ul ekanini aniqlash va qonuniy choralarni davom ettirish uchun uning ota-onasini chaqirtirdik”, dedi Mukdahan provinsiyasi politsiyasi qo‘mondoni general-mayor Payroj Tayfutsa.
Tailandda budda rohiblari juda yuksak qadrlanadi. Ular Buddaning ta’limotlarini saqlash va tarqatish bilan shug‘ullanadi. Rohiblar tez-tez jamoat joylarida yurishlar o‘tkazib turadi va oddiy aholidan xayriya-ehsonlar qabul qiladi.Avvalroq Italiya shimolidagi Modena shahrida erkak mashinasini piyodalar ustiga haydagandi. Hodisa oqibatida sakkiz kishi jarohatlangan, ulardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir ekani xabar qilingan. Voqea 16-may kuni taxminan soat 16:30 da Modena sobori yaqinida sodir bo‘lgan. Yuqori tezlikda kelayotgan mashina Via Emiliya ko‘chasida piyodalarni urib yuborgan. Shundan so‘ng transport vositasi chapga burilib, do‘kon oynasiga borib urilgan.

Izohlar