Toshkent shahar Bektemir tumanida ikki yigit katta miqdordagi giyohvandlik vositalari bilan qo‘lga olindi. Bu haqda 19-iyul kuni poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Boshqarma tayyorlagan videolavhada aytilishicha, jinoyat qidiruv xodimlari dastlab gumonlanuvchilar va ular o‘tirgan avtomashinani tekshirgan. Natijada qadoqlangan, “zakladka” usulida tarqatishga tayyorlab qo‘yilgan geroin moddasi topilgan.
Keyin qidiruv davom ettirilib, gumonlanuvchilar xonadoni tintuv qilingan. Ularning yashash manzilidan ham bir necha turdagi giyohvandlik vositalari topilib, daliliy ashyo sifatida olingan.
“To‘yimga yetti kun qolgan edi. Hamma qilmishi uchun javob beradi. Oxiri qamoq, boshqa iloji yo‘q”, deydi qo‘lga olingan yigitlardan biri boshqarma videolavhasida.
Mazkur ish doirasida 1,2 kilogramm geroin va 100 gramm mefedron narkotik moddalari tarqalishining oldi olingan.
Gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi oltinchi qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular qamoqqa olingan, hozirda dastlabki tergov harakatlari ketmoqda.
Avvalroq Toshkentda Tailanddan 11 kilo narkotik tranzit qilinishining oldi olingandi. Aniqlanishicha, Qozog‘iston fuqarosi giyohvandlik vositasini shirinliklar va boshqa mahsulotlar niqobi ostida qadoqlab, o‘z yurtiga yetkazib berishi kerak bo‘lgan. Rossiyadan O‘zbekistonga yuborilgan jo‘natma ichidan shokoladlar niqobi ostida narkotik topilgani xabar qilingandi.
Izohlar